Reklama qoidalarini buzganlik uchun “DAVR BANK”ka nisbatan jarima qo’llanildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida, “DAVR BANK” ATB tomonidan e’lon qilingan tashqi reklamalarda “Davr mobile ilovasida 50 000 000 so‘mgacha onlayn mikrokredit” mazmunidagi reklama axboroti berilganligi kuzatildi.
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, mikroqarz istalgan maqsadlarda foydalanish uchun ajratilishi, “Davr mobile” ilovasi orqali rasmiylashtirilishi, qarz oluvchi kamida oxirgi 6 oy davomida doimiy ish joyiga hamda oylik daromadga ega bo‘lgan bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, mikroqarz muddati – 60 oygacha, foiz stavkasi – 43,00 foiz, qarz miqdori – 50,0 mln so‘m etib belgilanganligi aniqlangan.
Mikro qarz bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muxim ma’lumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.
Shuningdek, Toshkent shaxrining bir qator ko‘chalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida “Tadbirkorlar uchun 5 milliard so‘mgacha kredit, 24 % dan” mazmunidagi reklamalar joylashtirilgan.
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, kredit:
asosiy vositalarni sotib olish uchun;
muddati – 60 oygacha;
foiz stavkasi – 32,99 foiz;
miqdori – 5 milliard so‘mligi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan.
Kredit bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muxim ma’lumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan “DAVR BANK” ATBga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Sharhlar