Toshkent hokimligi renovatsiya qilinadigan hududlar aholi tomonidan taklif etilganini ma’lum qildi
Toshkent shahar hokimligi jamoatchilik e’tiborini tortgan va muhokamaga sabab bo‘lgan masala — poytaxtda rejalashtirilayotgan hududlarni renovatsiya qilish mavzusi haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Aholining murojaatlari, binolarning holati hamda boshqa obyektiv sabablarni inobatga olgan holda, shahar ma’muriyati tomonidan fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlarini ta’minlaydigan, ShNQ me’yorlari va aholining manfaatlarini aks ettiruvchi zamonaviy mexanizmni joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deyiladi xabarda.
Renovatsiya loyihasining maqsadi uy-joy fondini yangilash, avariya holatidagi uy-joylarning ommaviy paydo bo‘lishining oldini olish, hududlarni alohida ko‘p qavatli uylar kesimida emas, balki yaxlit rivojlantirish orqali fuqarolarning turmush sharoitlarini yaxshilashdan iborat.
Bunda binolarning avariyaviylik darajasi va xavfsizlik talablariga muvofiqligi, iqtisodiy va energetik samaradorligi, eskirgan ko‘rinishi va hududning umumiy me’moriy rivojlanishiga mos kelmasligi hisobga olinadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nafaqat har bir shaxsning uy-joyga bo‘lgan huquqi, balki xavfsiz yashash huquqi ham o‘z aksini topgan bo‘lib, davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqni ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratadi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston shaharsozlik me’yorlari va qoidalari zamonaviy talablarga javob beradigan mehnat, yashash va dam olish joylarining qulayligini ta’minlashga doir talablarni belgilaydi. Renovatsiya ishlari faqat vakolatli tashkilotlar tomonidan avariya holati tasdiqlangan obyektlarda va faqat aholining roziligi bilan amalga oshiriladi. Muhimi: Madaniy yoki me’moriy meros obyektlarida renovatsiya amalga oshirilmaydi.
Toshkentda qurilgan uylarning foydalanish muddati 50 yilga mo‘ljallangan, aksariyat hollarda kapital ta’mirlash imkoniyati yo‘q, foydalanish muddati tugamoqda, deyiladi hokimlik xabarida.
Barchamiz tushunamizki, renovatsiya dasturini talab qiladigan uylarning aksariyati o‘z umrini yashab bo‘lgan yoki yaqin yillarda shaharsozlik me’yorlari bo‘yicha yashashga yaroqsiz bo‘lib qoladi.
Binolarning texnik holati bilan bog‘liq xavf, ayniqsa, mamlakatimiz va umuman mintaqaning seysmikligiga ta’sir qiluvchi barqaror iqlim o‘zgarishi tufayli jiddiy tashvish uyg‘otadi.
Vaziyatni xolisona baholasak, ushbu uylarni hozirgi holatida foydalanishda qoldirish muqarrar ravishda poytaxtda avariyaviy uy-joylarining ommaviy paydo bo‘lishiga olib keladi.
Ommaviy axborot vositalarida tilga olingan hududlarga kelsak, ular mahalliy aholi murojaatlari asosida taklif etilgan va reja tuzilgan. Shuningdek, murojaatlarda keltirilgan uy-joylarning dastlabki tahlili ularning yuqoridagi shaharsozlik me’yorlari talablariga javob bermasligini tasdiqladi.
Biz loyihani amalga oshirish mexanizmini mamnuniyat bilan e’lon qilamiz, chunki u juda soddalashtirilgan va biz uni keyingi xabarlarimizda batafsil tushuntirishga harakat qilamiz, deyiladi xabarda.
Vaziyat va masalaga qiziqayotgan fuqarolar ma’lumotni bevosita “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ veb-saytidan https://tashkentinvest.com/ havolasi orqali va 71 210-01-63 telefon raqami orqali olishlari mumkin.
Sharhlar