Ronaldu futbolchilar orasida birinchi bo‘lib 900 ta golni qayd etdi

Фото: www.championat.com

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Millatlar ligasi guruh bosqichidan o‘rin olgan Xorvatiyaga qarshi o‘yinda gol urib, faoliyatidagi 900-golidan o‘tgan birinchi futbolchiga aylandi. Uning bu boradagi eng yaqin ta’qibchisi Lionel Messi esa 62 ta gol ortda qoldi.

5 sentyabr kuni Portugaliya UYeFA Millatlar ligasi guruh bosqichining birinchi o‘yinida Xorvatiyani mag‘lub etdi. Lissabonda A divizioni 1-guruhi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va u 2:1 hisobida yakunlandi. Ronaldu 34-daqiqada jamoasining ikkinchi golini urdi.

Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) ma’lumotlariga ko‘ra, Ronaldu futbol tarixida yuqori darajadagi o‘yinlarda 900 ta gol urgan birinchi futbolchi bo‘ldi. Uning eng yaqin ta’qibchisi “Inter Mayami”ning argentinalik hujumchisi Lionel Messi esa 62 gol ortda qoldi. Kuchli uchlikni braziliyalik Pele (762 gol) yakunlab turibdi.

“Bu men uchun juda ko‘p narsani anglatadi. Bu men uzoq vaqtdan beri erishmoqchi bo‘lgan muhim bosqich edi. Men bu raqamga yetishimni bilardim, chunki o‘ynashda davom etsam, bu tabiiy ravishda sodir bo‘ladi. Har kuni mehnat qilish, jismonan va ruhan tayyor bo‘lish, 900 ta gol urish naqadar mashaqqatli ekanligini faqat men va atrofimdagilar bilamiz. Bu mening faoliyatimdagi o‘ziga xos voqea”, – dedi Ronaldu o‘yindan so‘ng jurnalistlarga.

Ronalduning milliy terma jamoa safida 209 ta o‘yinda urgan 131 ta goli ham rekord hisoblanadi. Messi bu ro‘yxatda ikkinchi o‘rinda – u va Eron terma jamoasining sobiq hujumchisi Ali Dayi 109 ta golga ega. Ronaldu klublar safida 769 ta gol urgan, “Real Madrid” safida esa hujumchi 450 ta gol urgan.

Portugaliya terma jamoasi Millatlar ligasining «A» ligasi 1-guruhi turnir jadvalida qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Polshani ortda qoldirib, ikkinchi o‘rinda bormoqda. Portugallar navbatdagi o‘yinini 8 sentyabr kuni Shotlandiyaga qarshi o‘tkazadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.