“O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi mas’ullari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi
Shu kunlarda Moskva shahrida “Rossiya energetika haftaligi” xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu haftalik doirasida o‘tkazilgan “Kam uglerodli energiya: barqaror kelajak asosi” mavzusidagi sessiya ishida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev ishtirok etdi. Bu haqda O’zA xabar bermoqda.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan uyushtirilgan tadbirda kam uglerodli energetikani rivojlantirish bilan bog‘liq asosiy masalalar, jumladan, atom energetikasi sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish istiqbollari, barqaror energiya manbalariga o‘tish va ularning global energiya xavfsizligidagi tutgan o‘rni kabi qator masalalar muhokama qilindi. Unda mamlakatlar o‘rtasida ekologik toza energiyani rivojlantirish va uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha innovatsiyalarni joriy etish borasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
“O’zatom” agentligi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, xalqaro forum global energiya muammolari va sohadagi yangi tendensiyalarni muhokama qilish uchun asosiy platformalardan biri hisoblanadi. Tadbirda O’zbekiston Respublikasining ishtiroki uning “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish va energetika sohasida xalqaro sheriklikni mustahkamlashga sodiqligini tasdiqlaydi.
Shuningdek, forum doirasida “O’zatom” agentligi direktori boshchiligidagi O’zbekiston Respublikasi delegatsiyasi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rtasida uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning asosiy masalalari, atom energetikasi va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar past uglerodli texnologiyalarni ilgari surish va energiya xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro tashabbuslar doirasidagi qo‘shma ish rejalarini kelishib oldi.
Sharhlar