Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Foto: MIB

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining taklifiga binoan, Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori Igor Krasnov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrifning dastlabki qismida delegatsiya “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi va Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori I.Krasnov Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.

Shundan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurib, akademiyaning faoliyati va xodimlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash tizimida amalgan oshirilgan islohotlar bilan tanishdi.

Tashrif doirasida joriy yil 20-noyabr kuni ikki davlat nazorat organlari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Rossiya delegatsiyasi vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev boshchiligida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan, sud-huquq sohasida, shuningdek O‘zbekiston prokuratura organlarining faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qo‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Do‘stona va konstruktiv muloqat doirasida hamkorlikning joriy holatini muhokama qildilar hamda idoralararo aloqalarni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Xususan, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, shu jumladan kiberjinoyatlar va boshqa uyushgan jinoyat turlariga qarshi kurash, prokuratura faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sohalarida tajriba almashish hamda prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Kun yakunida, delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi muzeyiga tashrif buyurib, idoraning ko‘p yillik tarixi, uning tajribasi va faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.