Rossiyada sodir boʻlgan YTHda uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻldi
Rossiyaning Penza viloyatida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqida O‘zbekistonning Qozondagi bosh konsulligi xabar berdi.
Hodisa 10-noyabr kuni ertalab soat 4:00 atrofida Penza viloyatidagi M-5 federal avtomagistralining 738-kilometrida sodir bo‘lgan. Natijada uch kishi voqea joyida vafot etgan, ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan.
Turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ular Penza viloyatidagi Kuznetsk tumanlararo kasalxonasida davolanmoqda.
Bosh konsulxona va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari halok bo‘lganlarni vataniga qaytarish, jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishni nazoratga oldi.
Penza viloyati davlat avtomobil inspeksiyasi maʼlumotlariga koʻra, YTHda “KamAZ” yuk mashinasi va “Cobalt” rusumli avtomobil toʻqnashgan.
Natijada “Cobalt”ning 1996-yilda tug‘ilgan haydovchisi hamda ikki nafar yo‘lovchisi, 1980 va 1965-yillarda tug‘ilgan erkaklar voqea joyida halok bo‘lgan. 1995-yilda tug‘ilgan yo‘lovchi va yana bir erkak kasalxonaga yotqizilgan.
Sharhlar