Rossiyaning Ukraina bilan tinchlik shartnomasida nimalar keltirilgan edi
Tahliliy «Sistema» nashri jurnalistlari Rossiyaning Ukraina bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha ilk takliflarini topib, chop etishdi. Moskva ushbu takliflarni Ukrainaga hujum boshlangandan ko‘p o‘tmay yuborgan. Bu haqida BBC xabar bermoqda.
«Sistema» nashrining qo‘liga tushgan hujjatni («Ozodlik» radiosi tarkibidagi, «xorijiy agent» deb e’lon qilingan) Rossiya delegatsiyasi 2022-yil mart oyi boshida Belarusdagi muzokaralarda Ukraina tomoniga topshirgan.
Tekshiruv mualliflari fikriga ko‘ra, Rossiyaning talablari Kreml Ukrainani qanday davlat bo‘lishini istaganini aniq ko‘rsatadi. Hujjatni ularga Ukraina manbasi ko‘rsatgan, uning haqiqiyligini Rossiyadagi manba tasdiqlagan.
Dastlabki, muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi asosan Kiyevdan to‘liq taslim bo‘lishni talab qilgan. Xususan, Rossiya Ukraina armiyasini 50 ming kishiga qisqartirishni so‘ragan (bu 2022-yilgacha Ukraina armiyasidagi sonidan besh barobar kam).
Hujjat loyihasida armiyaga faqat to‘rtta kema, 55 ta vertolyot va 300 ta tank qoldirish nazarda tutilgan, bu qo‘shni Belarus armiyasidan ham kam.
Yana bir bandda Ukraina o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni Donetsk va Lugansk viloyatlari ma’muriy chegaralari doirasida tan olishi hamda 2014-yildan beri davom etib kelayotgan jangovar harakatlar natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashni o‘z zimmasiga olishi talab qilingan.
Shuningdek, Rossiya Ukraina rus tilini davlat tili sifatida tan olishi va mamlakatda «natsizm ustidan g‘alaba» bilan bog‘liq ramzlarni taqiqlovchi qonunlarni bekor qilishi lozimligini talab qilgan. «Sistema» yozishicha, bu Kiyev olib borayotgan dekommunizatsiya siyosatiga zid holda, Sovet davri ramzlarini yana qonuniylashtirishni anglatgan.
Moskva, shuningdek, Ukraina va xalqaro sanksiyalarni bekor qilishni hamda 2014-yildan beri berilgan barcha xalqaro da’volarni qaytarib olishni talab qilgan.
2022-yilning aprel oyi boshida Istanbuldagi muzokaralarga kelib, talablar sezilarli darajada yumshagan, chunki Rossiya armiyasi tezkor g‘alabaga erisha olmasligi ma’lum bo‘lgan edi. Biroq, tomonlar o‘sha vaqtda ham kelishuvga erisha olmagan, BBC bu jarayonning nega muvaffaqiyatsiz tugaganini batafsil yoritgan.
Sharhlar