Ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qurilishi boshlangan 1,6 mingta obyekt aniqlandi

Фото: Prezident matbuot kotibi

Yig‘ilishda Qurilish inspeksiyasi faoliyatini jonlantirish zarurligi qayd etildi. O‘tgan bir yarim yilda ekspertizasi yo‘q 2,2 ming obyekt qurilishiga asossiz ruxsat berilgan. O‘tgan yil esa ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qurilishi boshlangan 1,6 mingta obyekt aniqlangan. Shu bois, ushbu inspeksiya Hukumat tarkibiga o‘tkazilishi va vakolatlari kengaytirilishi belgilandi.

Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi va bunday holatlarni aniqlash uchun Qurilish inspeksiyasining texnik vositalar, shu jumladan dronlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Shuningdek, yangi qurilish loyihalarida tadbirkorlar elektr va gaz ta’minotiga ulanishi uchun texnik shartlar olish tizimini raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Bunda tarmoqqa ulanish nuqtasini inson omilisiz avtomatlashgan tarzda tanlash tizimi joriy qilinadi. Bu yilgi investitsiya dasturida 1 ming 896 ta loyihaga 20,5 trillion so‘m ajratilgan.

Lekin, yilning yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, 824 milliard so‘mlik 88 ta loyihada qurilish ishlari boshlanmagani ko‘rsatib o‘tildi va mutasaddilarga oqsoqlikni bartaraf etish yuzasidan topshiriq berildi. Ayniqsa, 147 ta shifoxonani tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, 80 ta poliklinika va 67 ta shifoxonada, 618 ta maktab va 176 ta bog‘chada qurilish ishlarini belgilangan muddatda yakuniga yetkazish shartligi haqida mas’ullar qat’iy ogohlantirildi.

Yil yakuniga qadar 2 trillion so‘mlik ishlarni bajarib, 570 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash va beton qoplamali kanallar ulushini 39 foizga yetkazish, 13 ming kilometr yo‘l, 195 ta ko‘prikni foydalanishga topshirish zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda 2 ming 152 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish reja qilingan. Buning uchun 9 mingta xonadonli 195 ta uy-joy qurilishini tezroq boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi hamda ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilashga ajratilayotgan mablag‘larning samarasini aholimiz kundalik hayotida his qilishi shartligi ta’kidlandi. Jumladan, hududlarda 2 ming kilometr tarmoq, 99 ta suv inshooti va 1 ta oqova suv nasos stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.