Saida Mirziyoyeva Qatarda tashkil etilgan davra suhbatida qatnashdi

Foto: Saida Mirziyoyeva telegram kanali

Saida Mirziyoyeva Shayxa Muza bint Nosir al-Misnad hazrati oliyalari taklifi bilan “Taʼlimni tajovuzlardan himoya qilish xalqaro kuni” munosabati bilan Qatarda tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdi.

Oʻzbekiston taʼlim sifatiga, ayniqsa, qizlar va ayollarning bilim egallashiga katta eʼtibor qaratmoqda. Bu borada mamlakatimiz chegaralari bilan cheklanib qolinmayapti.

Misol tariqasida, 2018-yili Prezident tashabbusi bilan Termiz shahrida kasb-hunar taʼlimi markazi ochildi, hozirga qadar bu yerda 700 nafarga yaqin Afgʻoniston fuqarosi tahsil oldi, ulardan 200 nafari – xotin-qizlar.

Afgʻonistonlik ayollar uchun bu juda muhim – mamlakatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasida malakali tibbiy kadrlar yetishmovchiligi kuzatiladi.

“Biz gumanitar inqirozning oldini olish yoʻlida afgʻonistonlik qizlar va ayollarni zaruriy kasblarga oʻqitish ishlarini davom ettirishga tayyormiz. Qatar hukumati va “Education Above All” jamgʻarmasi boʻlsa, bu borada bizga yordam berishga shay. Mavjud vaziyatni inobatga olinsa, bu vazifani amalga oshhirish barcha tomonlar uchun oson boʻlmaydi. Lekin biz bu yoʻlda bor kuch-quvvatimizni ishga solishga tayyormiz. Xotin-qizlar uchun eng yaxshi himoya —taʼlim olish imkoniyatidan emin-erkin foydalanishdir“, – dedi Saida Mirziyoyeva.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.