Samarqand viloyatidagi turarjoy binosida gaz portlashi sodir bo‘ldi: jabrlanganlar bor
Samarqand viloyatidagi ko‘p qavatli uylardan birida gaz-havo aralashmasining alangalanishi sodir bo‘ldi, deya xabar beradi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining matbuot xizmati.
Voqea 9-sentyabr kuni kechqurun, taxminan soat 17:30 da Beruniy ko‘chasidagi uyning uchinchi qavatidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Ikki kishi jarohat olib, kasalxonaga yotqizilgan.
Xabar qilinishicha, gazning alangalanishi yong‘inga sabab bo‘lmagan.
Voqea joyiga zudlik bilan viloyat va shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB), o‘t o‘chirish bo‘linmalari vakillari, Ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura, gaz xo‘jaligi (“Hududgazta’minot”) va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari yetib kelgan.
Hozirda portlash sabablarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sharhlar