Samarqandda 13 yoshli bolani Damasga zanjirlab qo’ygan erkak 4 yilga qamaldi

Фото: Болалар омбудсмани матбуот хизмати

Avvalroq, Samarqandda 13 yoshli bola “Damas”ning orqa o’rindig’iga oyog‘idan zanjirlab qo‘yilgani haqida xabar berganilgan edi. Ushbu holat yuzasidan maktab o‘quvchisini oyog‘idan zanjirlagan shaxsga sud hukmi o‘qildi.

Ko’chadan o’tib ketayotganlar Samarqand shahrida to‘xtab turgan “Damas” ichida bola zanjirlab qo‘yilganini ko‘rib qolgan va uni tasvirga olib ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborgan.

Holat tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilganida bola Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashashligi Qalqon-jasorat harbiy sport maktabining 6-sinfida o‘qishi va 2011-yilda tug’ilgan Sh.Sh.ligi ma’lum bo‘lgan.

Sh.Sh.ning vasiylari J.S. va E.M. mazkur maktab o‘qituvchisi X.Sh.ni chaqirib, xulqi og‘irligi tufayli bolani Samarqand viloyati Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga olib borishini so‘ragan.

2024-yil 15-mart kuni o‘qituvchi Sh.X. bolani Samarqand shahriga olib kelgan va mashinadan tushib qochib ketmasligi uchun uni “Damas”ning orqa o‘rindig‘iga zanjirlab qo‘ygan edi.

Shundan so‘ng holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudida bolani g‘ayriqonuniy tarzda zanjirlagan shaxsga nisbatan sud majlisi bo‘lib o‘tgan.

Sud sudlanuvchi Sh.X.ni Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni qiynash), 138-moddasi 2-qismi “a” bandi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan aybli deb topgan. Unga 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.