Samarqandda 8-sinf qiz noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
Samarqand viloyatida 8-sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi.
Qiz 23-oktabr kuni o‘g‘irlab ketilgan. Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ular qizlari yo‘qolgani haqida ariza yozishgan. Badanida zo‘ravonlik izlari bo‘lgan qiz 6-noyabr kuni topilgan. Qizning so‘zlariga ko‘ra, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburlab, irodasiga qarshi ushlab turishgan va zo‘rlashgan. Uning yaqinlari qizni shifokorga olib borishgan.
Ichki ishlar vazirligi aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi (O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha ishtirokchilar aniqlanib, tegishli sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Jabrlanuvchining yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, 7-noyabr kuni (qiz topilganning ertasiga) tergovchi uni gumonlanuvchilar bilan bitta mashinada, lekin ota-onasisiz ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketgan. Qiz esa ekspert erkak bo‘lgani uchun ekspertizadan bosh tortgan. Shuning uchun ekspertiza 10-noyabr kuni (yana qarindoshlarsiz) o‘tkazilgan. Ammo qonida alkogol yoki zararli moddalar bor-yo‘qligini tekshirish uchun undan qon olinmagan.
Qizning qarindoshlari prokuraturaga borishganida tashqarida ularni psixiatrik brigada kutib turgan, ularni uchastka noziri chaqirgan ekan. Vaholanki, qizga psixiatrik emas, psixologik yordam kerak bo‘lgan.
“Jabrlanuvchi qiz bilan maktab psixologi ham ishlashi mumkin edi, lekin maktabda unga bunday yordam taqdim etilmadi. Lekin qiz maktabga bormagani uchun uning ota-onasiga jarima solishdi. Ko‘p bolali oilaga (5 nafar farzandlari bor) 1,2 mln so‘m miqdorida jarima solishdi. Ayni damda qiz maktabga borishdan qo‘rqib turibdi, negaki hamma bo‘lgan voqeadan xabardor”, — deyiladi xabarda.
Nashr gumonlanganlardan biri Turkiyaga qochib ketganini ham tahmin qilmoqda. Qizga arizasini qaytarib olishi uchun har turli bosim o‘tkazilayotganini ham qayd etgan.
Ichki ishlar vazirligi «Gazeta.uz»ga holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi. Vazirlik matbuot xizmati barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangani, o‘rnatilgan tartibda tegishli sud-tibbiyot va biologik ekspertizalar tayinlanganini ma’lum qildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombusdmani ham holat yuzasidan vakolati doirasida kuzatuv olib borayotganini va qo’shimcha ma’lumotlar berilishini ma’lum qildi.
Sharhlar