Samarqandda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi, u nimalari bilan yodda qoladi

Foto: Sport vazirligi

Samarqand shahri mezbonligida yakunlangan musobaqada 50 dan ortiq mamlakatdan 500 nafarga yaqin sportchi dunyo birinchiligi uchun bellashdi.

Ishtirokchilar uch kun davomida 200, 500, 1000 hamda 5000 metr masofalarda startga chiqdi.

Bugun chempionatning so‘nggi final bahslarida eshkak eshuvchilar 5000 metr masofaga 4 ta dastur bilan ishtirok etdi.

“Afsuski, unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari shohsupaga ko‘tarila olmadi. Kanoechimiz Nurislom To‘xtasin o‘g‘li shohsupaga ko‘tarilishga juda yaqin keldi. Biroq u yakunda marra chizig‘ini to‘rtinchi bo‘lib kesib o‘tdi”, – deyiladi xabarda.

Ayollar o‘rtasidagi poygada Dilnoza Rahmatova o‘ninchi natijani qayd etdi. Xuddi shu masofada baydarkachilar o‘rtasidagi bellashuvda Yaroslav Slavgorodskiy o‘n uchinchi ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Ayollar bahsida yana bir sportchimiz Shahrizoda Mavlonova finishga yetib kela olmadi.

Musobaqalar natijasiga ko‘ra, Xalqaro kanoe federatsiyasi (ICF) bayrog‘i ostida harakat qilgan sportchilar umumjamoa hisobida birinchilikni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, musobaqa davomida Vengriya, Portugaliya, Xitoy, Germaniya, Ispaniya hamda Polsha mamlakatlari sportchilari shohsupaga ko‘tarildi.

Chempionat yakunida g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.