Samarqandda qurilish me’yorlari buzilgani sababli qurilayotgan maktab devorlari qulab tushdi
Samarqandning Qorasuv massivida 1800 o‘rinli qurilayotgan maktab devorlari ataylab qulatildi. Bu haqda Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi nazorat inspektsiyasi xabar beradi.
Bino qurilishi uchun mas’ul bo‘lgan Me’mor Complex kompaniyasi qurilish me’yorlarining bir qator jiddiy buzilishlariga yo‘l qo‘ygan. Binoning ikkinchi qavatida g‘isht terimi choklari qorishma bilan to‘ldirilmagan bo‘lib, bu konstruktsiya mustahkamligini sezilarli darajada zaiflashtirgan. Bundan tashqari, yopma plitalari noto‘g‘ri o‘rnatilgan, qurilish ishlarini tashkil etish loyihasi mavjud bo‘lmagan, foydalanilgan materiallar zarur sertifikatlarga ega bo‘lmagan va noto‘g‘ri saqlangan.
“Bu qoidabuzarliklarning asosiy sababi – buyurtmachi tomonidan texnik nazoratning va loyihalovchi tomonidan mualliflik nazoratining o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligidir”, – deya vaziyatga sharh beradi inspektsiya vakili Sarvar Bobonazarov.
Qurilish kompaniyasiga qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Sharhlar