Prezident Uychi tumanidagi sanoat zonasida bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga safari davomida Uychi tumanidagi “Qumtepa” yoshlar kichik sanoat zonasida bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi va temirchi hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
2021 yilda bu yerda temirchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etilib, xonadonlardagi usta-hunarmandlarga zarur sharoitlar yaratib berilgan. Uch gektar maydonni egallagan majmua yo‘l, energiya, ichimlik va oqova suv kabi barcha infratuzilma bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, energiya tejamkor usullar joriy etilib, quyosh panellaridan samarali foydalanilmoqda.
Xabarga ko‘ra, “sanoat zonasida birinchi bosqichda 52 ta loyiha amalga oshirilib, 1 ming 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Ustalar xomashyoni zavodlardan olib, temirdan darvoza, eshik, so‘ri, panjara va boshqa metall buyumlar ishlab chiqarmoqda va qo‘shni davlatlarga ham 1,2 million dollarlik mahsulot eksport qilishgan”.
Ikkinchi bosqichda yana 45 ta loyihani amalga oshirish, 1 ming 330 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Sayxunobod tajribasi asosida 14 ta tumandagi 788 ta mahallaga iqtisodiy idoralarning rahbar va mas’ul xodimlari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga 557 ming xonadondagi imkoniyatlarni o‘rgangan.
“Men Sayxunobodda bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi dedim. Maqsad – inson salohiyatiga kapital yo‘naltirish, uni harakatga undash, dunyoqarashni o‘zgartirish. Uychi tumani ham iqtisodiyoti og‘ir hudud. Ushbu tizim asosida ishsizlarga tomorqadan daromad topish, o‘z ishini ochish, qobiliyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish kerak”, – dedi Prezident.
Sharhlar