Futbol bo‘yicha jahon chempionati saralashida O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan o‘ynaydi

Фото: Olympic.uz

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining 3-saralash bosqichida ikkinchi uchrashuvini safarda Qirg‘iziston termasiga qarshi o‘tkazadi, deb xabar bermoqda O‘zA. O’yin bugun, 10-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da Bishkek shahridagi «Dolen Omurzakov» stadionida start oladi.

Mazkur uchrashuvda quvaytlik Ahmad al-Ali Bosh hakam sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Unga qanotlarda hamyurtlari Abdulhadi al-Anezi va Ahmad Abbos yordam beradi. 4-rasmiy hakam sifatida esa Ammar Ashkanoni ishlaydi. Vakillarimiz ushbu bahsda to‘liq ko‘k libosda, darvozabonimiz esa yashil libosda harakat qilsa, raqib jamoa oq rangli libosda maydonga tushadi.

Ta’kidlanishicha, futbolchilarimiz Qirg‘iziston termasi bilan bugunga qadar 10 marotaba bahs olib borgan va ularning barchasida yirik hisobda zafar quchgan. Terma jamoamiz birinchi bor 1992-yilda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2023-yil BAAda bo‘lib o‘tgan so‘nggi o‘yinda 4:1 hisobida g‘olib bo‘lgan. O‘tkazilgan bellashuvlardagi to‘plar nisbati 40:5 ko‘rinishini olgan.

Osiyo qit’asi uchun Jahon chempionatining 3-saralash bosqichi ilk turidan so‘ng, BAA, Eron va O‘zbekiston terma jamoalari «A» guruhida 3 ochko to‘plagan holda peshqadamlik qilmoqda.

Bugun mazkur guruhda ikkinchi tur uchrashuvlari doirasida Eron – BAA, KXDR – Qatar terma jamoalari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tadi. Agarda O‘zbekiston bu turda yirik hisobda g‘alaba qozonsa, guruh peshqadamiga aylanishi mumkin. Uning uchun Eron va BAA uchrashuvida ikki jamoadan biri kichik hisobda g‘alaba yoki durang qayd etishi kerak.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.