“Sardor gangster” taxallusi bilan tanilgan qashqadaryolik bloger 10 sutkaga qamaldi

TikTok va YouTube’da “Sardor gangster” taxallusi bilan tanilgan blogerga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Kashqadaryo viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.

“Fuqaro Sardor Safarboyev (1998-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz, TikTok va YouTube da Sardor gangster taxallusi bilan chiqishlar qilib kelgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan) jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2024-yil 21-fevraldagi qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan”, — deyiladi xabarda.

2024-yil 23-fevral kuni Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan S. Safarboyevning shikoyati apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.