Surxondaryodagi savdo majmuasida 12 ta do‘kon yonib ketdi
Bugun, 25-iyun tungi soat 02:12 da Denov tumani “Bobur” mahallasida joylashgan “Bek” MChJga qarashli savdo majmuasi hududidagi 4 ta asosiy va 8 ta kichik savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘lgan va 90 kvadrat metr maydondagi buyum hamda kiyim-kechaklar yong‘indan zararlangan. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabarida aytiladi.
Voqea joyiga Denov, Sho‘rchi, Oltinsoy, Sariosiyo va Qumqo‘rg‘on tumanlari FVBlarining 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 02:20 da yetib borib, yong‘in soat 02:30 da qurshab olingan va soat 03:50 da batamom o‘chirilgan.
Yong‘in qutqaruvchilarining say-harakatlari natijasida majmuaning boshqa hududlariga yong‘in tarqalishining oldi olingan va 48 ta savdo do‘koni hamda 500 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Hozirda yong‘in kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Sharhlar