Farg‘onada poyezd ustiga chiqib selfi olmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarni tok urdi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 1-sonli maktabning uch nafar o‘quvchisi Uchko‘prik tumanida joylashgan “Qaqir” temir yo‘l bekatida vagon ustiga chiqib “selfi”ga tushmoqchi bo‘lganida ularni 27 ming volt kuchlanishli tok urdi. Bu haqda “Zamon” axborot dasturida xabar berildi.

Ikki nafar 10-sinf va bir nafar 8-sinf o‘quvchisi temir yo‘l izlarini belgilanmagan joydan kesib o‘tib, taqiqlangan temir yo‘l hududiga kirgan va bug‘doy tashuvchi vagonning ustiga chiqqan. O‘smirlarning ehtiyotsizligi tufayli, ularning ikki nafarini yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.

O‘quvchilardan biri tanasining 65 foizi termik kuyishi tashxisi bilan, ikkinchisi esa termik kuyish va son suyagi sinishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.