Senatorlar kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunni maqulladi

Фото: senat.uz

Oliy Majlis Senatining ellik sakkizinchi yalpi majlisida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi. Mazkur Qonun bilan kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilib, unda kreativ iqtisodiyot sohalari sifatida 15 ta yo‘nalish belgilanmoqda.

Hujjatda kreativ iqtisodiyot bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilishi mexanizmi, Vazirlar Mahkamasining, vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining sohaga oid vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilishi, ushbu kengash jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organi hisoblanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun asosida kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma yaratish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, xususan, kreativ industriyalar parki va klasterlari, raqamli platformalar, art-rezidentsiyalar, kreativ industriya markazlari, innovatsion uskunalar va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar  yaratilishi hamda kreativ industriyalar parkining vazifalari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonun asosida ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etilishi hamda ushbu jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.

Kreativ industriyalarining respublika iqtisodiyotiga hissasini aniqlash maqsadida statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hisobga olish, madaniy merosni asrash Qonun darajasida belgilanmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.