Senatorlar yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Фото: senat.uz

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Muhokama markazida bo‘lgan mazkur Qonun bilan yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etish, shuningdek yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinmoqda.

“Respublikamizda o‘tkazilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat organlari vakolatlari chegaralari aniqlashtirilib, Kon-geologiya vazirligi, Ekologiya vazirligi, Energetika vazirligi, Kontexnazorat inspektsiyasi, “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari aniq belgilab berilmoqda”, – deyiladi Senat bayonotida.

Qonun bilan yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida “yagona darcha” printsipi joriy etilmoqda.

Qonunda sohaning investitsiyalar jalb etuvchanligini keskin oshirish maqsadida davlat organi nazorati ostida yer qa’ridan foydalanish ruxsatnomasini litsenziat tomonidan tasarruf etish (sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxslarga o‘tkazish) mexanizmi joriy etilmoqda.

Shuningdek, Qonunda yunior kompaniyalar uchun rekognostsirovka qilish (dastlabki geologik o‘rganish bosqichi) normalari alohida ajratilmoqda va geologik axborotga bo‘lgan mulk huquqi, investorlar tomonidan uni almashish va realizatsiya qilish normalari takomillashtirilmoqda.

Qonun bilan yer qa’ri davlat fondi kadastr tizimi yanada takomillashtirilib, unda uglevodorod kadastri, kadastr kvadrati kabi tushunchalar kiritilmoqda.

Qonunda uglevodorodlar yo‘nalishi keskin kuchaytirilib, jumladan, uglevodorod zaxiralarini aniqlashga, geologiya-qidiruv ishlari va ularni o‘zlashtirishga yirik investitsiyalar kiritishni jadallashtirish uchun oldindan dastlabki o‘rganish, ya’ni rekognostsirovka qilish ishlariga alohida qulay mexanizmda ruxsatnoma berish tartibi belgilanmoqda.

Qonun bilan uran qazib olish va shu bilan bog‘liq jarayonda radiatsiyaviy xavfsizlik, shuningdek Xalqaro atom energetikasi (MAGATE) talablari bilan bog‘liq holda qo‘shimcha alohida talablar belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonunda noruda xomashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar kuchaytirilmoqda.

Noruda qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi hamda yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilanib, davriy va yakuniy hisobotlarni taqdim qilish, qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish hamda qazib olishning yillik minimal xarajatlari qayd etilmoqda.

Qonunda ekologiya va atrof muhitni kelgusida kafolatli asrash maqsadida yer qa’ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qoidalari, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etishning talab va mexanizmlari nazarda tutilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.