Sertifikatlarini soxtalashtirgan sement tashuvchi transport vositalari aniqlandi

Foto: TSHBB

O‘zbekiston Respublikasining “Transport to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, transport vositalari muvofiqlik yoki transport vositasi turini ma’qullash sertifikatiga ega bo‘lishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transport vositalarini O‘zbekiston hududiga olib kirish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Respublikasda avtotransport vositalarining ruxsat etilgan massalariga ko‘ra, uch o‘qli transport vositasiga tushuvchi og‘irlik 28 tonna qilib belgilangan.

Ammo, “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida xorijdan keltirilgan uch o‘qli sement tashuvchi maxsus transport vositasi tirkamasi va 2 ta yarim tirkama belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ularning og‘irlig‘i bilan hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘rtasida yirik tafovutlar aniqlandi, transport vositalariga tegishli sertifikatlar ham noto‘g‘ri ma’lumotlarga asoslangani fosh bo‘ldi.

Hujjatlarda va transport vositasi yorlig‘ida ushbu tirkamaning to‘la vazni 30 tonna, yuk ko‘tarish qobiliyati esa 21,3 tonna qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, sud ekspertiza markazi xulosasiga ko‘ra, tirkamaning yuk ko‘tarish qobiliyati aslida 45 tonna, to‘la vazni esa 54 tonna ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Ushbu tadbirkorlik subyekti nomiga muqaddam olib kelingan boshqa bir yarim tirkamada ham ushbu “o‘yin” sodir etilgan. Tirkamaning yuk-kuzatuv hujjatlari va yorliqlarini soxtalashtirish yo‘li bilan yuk egalari muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritishgan.

Ushbu holatda transport vositasining yuk ko‘tarish qobiliyati 81 tonna, to‘la vazni esa 100 tonna bo‘lsa-da, hujjatlarda transport vositasining to‘la vazni dastlab 24 tonna, so‘ngra esa 40 tonna qilib o‘zgartirilgan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi va sertifikatlashtirish bo‘yicha idoralar vakillarining ushbu holatlarga aloqadorligi ham o‘rganilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.