Shaharsozlik sohasidagi nizolarni sudga qadar ko‘rib chiqish va hal etish tizimi joriy etildi
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov ma’lum qildi.
Endilikda mazkur masala bilan tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddi vakillaridan iborat komissiya shug‘ullanadi.
Ushbu komissiya bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish bo‘yicha berilgan xulosa, bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha binolarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma olinganligi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi.
Shuningdek, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i, hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi qarori va ushbu kengash ishchi organi xulosasiga doir hujjatlarning qonuniy berilganligini o‘rganib chiqadi va qaror qabul qiladi.
Ta’kidlash lozimki, sudlarda ko‘rib chiqilgan yoki ko‘rib chiqilayotgan nizolar komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.
Manfaatdor shaxs vakolatli organning ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati yoki bunday hujjatni berishni rad etish haqidagi qarori, shuningdek, harakatlari bo‘yicha komissiyaga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning shaharsozlik sohasidagi qonuniy manfaatlarini ko‘zlab vakolatli davlat organlari yoki aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham komissiyaga murojaat qilishi mumkin.
Shuningdek, murojaatlar ko‘rib chiqilishi teng huquqlilik, xolislik, qonuniylik, kollegiallik va huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilligini ta’minlash hamda murojaat etuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish prinsiplariga asoslanadi.
Sharhlar