Shahrisabzdagi klinikada ayolni bo‘yniga “proba”siz qilingan antibiotik sabab u vafot etgan

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi klinikada 28 yoshli ayolning bo‘yniga “proba”siz qilingan antibiotik ukol sababli u vafot etgan haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Anhor.uz soroviga mazkur holat yuzasidan ma’lumotlar taqdim qildi.

Joriy yilning 6-noyabr kuni soat 11:00 larda 28 yoshli ayol N.B. xususiy poliklinikaga anginasi ishib ketgani bo‘yicha murojaat qilib keladi. Uning tomog‘i ishib, yiringlagani sababli xususiy poliklinikaning LOR shifokori J.I. uning tomoq qismidan “Seftriakson” va “Deksametazon” dori vositalari aralashmasidan inyeksiya yuborganida bemor ayolning tili tortilib ketgan.

“Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ayol sog‘lig‘i yomonlashib, hodisa joyida vafot etgan. Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, – deyiladi xabarda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.