Shakar narxi oshishi haqidagi xabarlar rad etildi
O‘zbekistonda shakar narxini barqaror saqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, narxlar keskin o‘sishi bo‘yicha xavotirga o‘rin yo‘q. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmonov ma’lum qildi.
“2024-yil 16-apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan birja savdolariga qo‘yiladigan shakar mahsulotining kunlik hajmi 20 foizga (2 100 tonnadan 2 500 tonnaga) oshirilib, boshlang‘ich narxi 6 foizga (13 600 so‘mdan 12 860 so‘mga) pasaytirildi”, – deyiladi xabarda.
Respublikaning dehqon bozorlarida tashkil etilgan elga xizmat rastalari va yirik savdo tarmoqlarida shakar mahsulotining chakana narxi 1 kilogramm uchun 13 000 so‘mdan sotilishi ta’minlanayotgan bo‘lsa, boshqa savdo do‘konlarda o‘rtacha 13 200—15 000 so‘mni tashkil etmoqda.
Shakar mahsulotining birja savdolaridagi narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga pasaygan bo‘lsa, bozorlardagi chakana narx o‘zgarishsiz qolgan.
Avvalroq ham ushbu mavzu yuzasidan material e’lon qilgandik.
Sharhlar