Shakardan nega voz kechish kerak

Foto: SSV

Shakar – organizm uchun energiya manbai bo‘lsa ham, uni me’yordan ortiq iste’mol qilish salomatlikka jiddiy zarar yetkazadi. U nafaqat jismoniy sog‘lik, balki insonning umumiy hayot sifatiga ham salbiy ta’sir etishi mumkin.

Shu bois, JSST tavsiyasiga ko‘ra, shakarning kunlik me’yorini 25-30 grammdan oshirmaslik (shirinlik va boshqa ozuqa mahsulotlari tarkibidagi ham hisobga olingan) lozim. Aks holda u quyidagi oqibatlarga olib keladi.

1. Ortiqcha vazn va semizlik
Shakar kaloriyaga boy, lekin unda ozuqa moddalari kam. U ko‘p iste’mol qilinganda kerakli energiyadan ziyod kaloriya hosil qiladi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan ortiqcha vazn, qandli diabet, yurak-qon tomir va boshqa jiddiy xastaliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

2. Qonda qand miqdorining ortishi
Ushbu mahsulotni ko‘p iste’mol qilish qonda qand miqdorini oshiradi. Oqibatda organizmda insulin gormoni faol ishlab chiqariladi. Agar qonda shakar darajasi tez-tez va keskin o‘zgarib tursa, insulinga nisbatan sezuvchanlik kamayib, 2-tur diabet rivojlanish xavfi ortadi.

3. Yurak-qon tomir tizimiga ta’siri
Shakar me’yordan ziyod iste’mol qilinganda triglitseridlar darajasi oshadi. Bu holat ateroskleroz, yurak xurujlari va insult xavfini paydo qilishi mumkin.

4. Tishlar salomatligi
Shakar – kariyes va boshqa tish kasalliklarining eng asosiy sabablaridan biri. U og‘izdagi bakteriyalar tomonidan fermentatsiya qilinishi tufayli kislotalar hosil bo‘ladi. Ular esa tishlar emalining yemirilishiga olib keladi.

5. Teri salomatligiga ta’siri
Ortiqcha shakar iste’moli terida turli muammolarni paydo qiladi. Bu, asosan, uning qondagi insulin darajasini oshirishi va organizmda yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytirishi bilan bog‘liq.

6. Ruhiy salomatlik
Ushbu mahsulot tananing energiya darajasini keskin o‘zgartirib yuboradi. Shakar iste’mol qilinganidan so‘ng paydo bo‘lgan energiya ko‘tarilishi keyinchalik keskin tushib ketadi. Oqibatda odamda charchoq, kayfiyatning o‘zgarishi va stress darajasining oshishi kuzatiladi.

Shu bois uning iste’molini nazorat qilish juda muhim. Balanslangan parhez va shakar miqdorini kamaytirish orqali nafaqat salomatlikni yaxshilash, balki energiya darajasini ham saqlash mumkin.

Agar siz uni cheklasangiz, birinchi kundanoq, ovqat hazm qilish va ichak faoliyati yaxshilanadi. Asab tizimi barqarorlashadi.

Bir haftadan so‘ng terining holati tiniqlashadi, uyqu bilan bog‘liq muammolar asta-sekin ortda qoladi. Qonda qand miqdori me’yorlashib, metabolizm yaxshilanadi. Xotiraning jamlash xususiyati kuchayadi. Agar shu vaqt ichida tana shakar talab qilsa, turli mevalar, asal iste’mol qilish mumkin.

Shakardan voz kechilgandan bir oy o‘tib, tana ortiqcha vazndan xalos bo‘ladi. Unga tobelik sezilarli darajada kamayadi. Organizmda gormonlar miqdori barqarorlashib, immunitet yaxshilanadi. Tanada yallig‘lanishlar pasayib, husnbuzarlar yo‘qoladi. Yuqori qon bosimi me’yorlashadi.

Bir yildan keyin esa qandli diabet, Alsgeymer kasalligi, semirish, yurak yetishmovchiligi, xotira va nutq buzilishi hamda o‘lim xavfi sezilarli darajada kamayadi. Inson o‘rganib qolish hissidan butkul xalos bo‘lib, tarkibida shakar bo‘lgan har qanday yeguliklar o‘z-o‘zidan rad etiladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.