O‘zbekistonda birinchi marta “Sharq – Aksilterror – 2024” qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkaziladi
O‘zbekistonda birinchi marta “Sharq – Aksilterror – 2024” qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llangan murojaatida aytiladi. Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlarga qarshi kurashishda o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish va maxsus kuchlar bo‘linmalarining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
“Afsuski, geosiyosiy keskinlik va nizolarning kuchayishi, yetakchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch taqchilligi, global xavfsizlik institutlari rolining pasayishi terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashishda ochiq hamda samarali xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi murojaatda.
Ta’kidlanishicha, shu bilan birga, kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal g‘oyalarni targ‘ib etish bo‘yicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora ko‘p amalga oshirilmoqda.
“Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari “onlayn manqurtlashtirish” qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda”, — deyiladi murojaatda.
Shavkat Mirziyoyev qayd etishicha, shu bois qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va MDH Aksilterror markazi faoliyati doirasida bunday xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish va ularga tezkorlik bilan javob qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni o‘tkazish eng muhim vazifalar hisoblanadi.
Sharhlar