“Sharq-Aksilterror – 2024” qo‘shma aksilterror mashqlari bo‘lib o‘tdi
5-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati harbiy poligonida MDH Aksilterror markazi ko‘magida Hamdo‘stlik vakolatli organlarining “Sharq-Aksilterror – 2024” qo‘shma aksilterror mashqlari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda DXX.
Undan ko‘zlangan asosiy maqsad terrorchilik harakatlarini aniqlash va ularning oldini olish, chegara xavfsizligiga rahna soluvchi terrorchilik tahdidlarini zararsizlantirish va ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishda MDHga a’zo davlatlar vakolatli organlari faoliyatini takomillashtirishdan iborat.
Muhim infratuzilma obyektlarida garovga olinganlarni ozod qilish va shartli terrorchilarni zararsizlantirish ssenariylarini sinovdan o‘tkazish doirasida maxsus va harbiy texnikalar, jumladan aviatsiya va uchuvchisiz uchuv apparatlaridan foydalanilgan.
Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi DXX, IIV, FVV, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi maxsus bo‘linmalari, shuningdek Bosh Prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari jalb qilingan.
Kuzatuvchilar e’tiboriga noqonuniy qurollangan terrorchilik guruhlarini yo‘q qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiya elementlari hamda ommaviy tartibizliklarni bostirish va inqirozli vaziyatlarni bartaraf etish choralari havola etildi.
Sharhlar