Bu yilgi “Sharq taronalari” festivali Registon maydonida o‘tkazilmaydi
Joriy yilning 25—30-avgust kunlari Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. O‘zA yozishicha, bu yilgi festival Registon maydonida emas, balki ayni chog‘da Samarqandning yangi turizm maskaniga aylanayotgan xalqaro turistik markazdagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkaziladi.
– Ko‘pchilikda nima uchun Registonda emas, degan savol tug‘ilishi shubhasiz, – deydi rejissor Shamsiddin Usmonov. – Buning asosiy sababi yurtimizning bebaho madaniy merosi hisoblanmish Registon ansamblini asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazishdan iborat. Hech kimga sir emas, festivalga tayyorgarlik va bevosita tadbirlar jarayonida turli transport vositalari, ovoz kuchaytirgich va boshqa texnik qurilmalardan foydalanishga to‘g‘ri keladi va bu tarixiy obidalarimizga zarar yetkazishi mumkin. Shuni inobatga olgan holda yangi markazda tashkil etishga kelishildi. Bu yerda ham o‘ziga xos milliy, tarixiy muhit yaratilgan. Ayni paytda festivalning ochilish marosimiga tayyorgarlik jarayonlarini olib boryapmiz.
Joriy yilgi musiqa festivalida ishtirok etuvchilarni aniqlash bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarga taklifnomalar yuborildi. Bugungi kunga qadar 130 davlatdan javob xatlari kelib, o‘z takliflarini bildirdi. Bundan tashqari, yaqin kunlarda mahalliy ishtirokchilarni aniqlash maqsadida ichki tanlov o‘tkaziladi.
Sharhlar