Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro festivali 26—30-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi
YUNESKO shafeligida 26—30-avgust kunlari Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Musiqa festivalida dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 300 dan ziyod vakil qatnashishi kutilmoqda.
26-avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
27—28-avgust kunlari “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqiy oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchi-doktorant va magistrantlar ishtirok etishi kutilmoqda.
27—29-avgust kunlari “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivaliga tashrif buyurgan ishtirokchilar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, Xalqaro hayʼat tomonidan tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikkita yo‘nalish bo‘yicha baholanadi:
- professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qo‘shiq yo‘nalishi;
- zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa va qo‘shiq yo‘nalishi.
Tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini baholash uchun Tashkiliy qo‘mita tomonidan yetti kishidan kam bo‘lmagan tarkibda Xalqaro hayʼat tuziladi. Tanlovda chiqish uchun tarkibi 12 nafar musiqachidan ko‘p bo‘lmagan cholg‘u ansambli jonli tarzda jo‘r bo‘lishiga ruxsat etiladi.
Tanlov g‘oliblari Tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
- “Gran-pri” — 10 000 dollar;
- I o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 2 x 5 000 — 10 000 dollar;
- II o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha ) 2 x 3 500 — 7 000 dollar;
- III o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 3 x 2 000 — 6 000 dollar;
Ishtirokchilar, shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar eʼtirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalar va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha maxsus diplom hamda 500 dollar miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
30-avgust kuni “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi va unda g‘oliblar eʼlon qilinadi.
Sharhlar