“Sharq taronalari” festivali bu yil ham Registon maydonida o‘tkaziladigan bo‘ldi
Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali an’anaga muvofiq, bu yil ham Registon maydonida o‘tkaziladi. Bu haqda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.
«Xalqimiz orasida madaniy meros nuqtai nazaridan festivalning Registon maydonida o‘tkazilishiga nisbatan ko‘p e’tirozlar bildiriladi. Shu sababli ham bu safar festival bo‘lib o‘tadigan joyni o‘zgartirmoqchi bo‘ldik. Lekin bu orqali shuncha yillik festivalning nufuzi tushib ketarkan, ko‘plab xorijiy davlatlardagi ishtirokchilar bu yil «Sharq taronalari»da qatnashish fikridan ham qaytdi. Chunki «Sharq taronalari»ning asl brendi bu — Registon, festivalning mazkur maydonda o‘tkazilishi hamma uchun qiziq. Ekspertlar Registon maydonini o‘rganib, o‘zlarining talablari va xulosalarini berdi. Ularning talablari asosida joriy yilgi festivalni Registonda o‘tkazishga qaror qildik», — dedi vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, joriy yil festivalda dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ziyod vakil: san’atkorlar, olimlar, soha mutaxassislari qatnashishi kutilmoqda.
Festival YuNESKO shafeligida 26—30-avgust kunlari o‘tkaziladi. Avvalroq bu yilgi festival Registon maydonida emas, balki ayni chog‘da Samarqandning yangi turizm maskaniga aylanayotgan xalqaro turistik markazdagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkazilishi xabar berilgan edi.
Sharhlar