Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi
31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni. Shu munosabat bilan Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ildi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Ajdodlar haqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi.
Bu marosim Mustaqillik bayrami bilan hamohang o‘tishi, millat oydinlari yodga olinishidan ko‘ngil entikadi. Bu Vatanga fidoyilik yillar o‘tsa-da qadrlanishi, hech bir ezgu ish izsiz ketmasligini anglatadi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot bo‘ldi.
– Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu bois dunyodan o‘tgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olayapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etayapmiz. Ma’rifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Mana, so‘nggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi.
O‘tgan yilgi marosimda davlatimiz rahbari joylardagi qatag‘on qurbonlarini aniqlash, bu borada tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Shu asosida joriy yil 19 iyul kuni “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilib, Mudofaa vazirligi boshchiligida bir qator mutasaddi tashkilotlar biriktirildi.
Nima uchun bu vaqt tanlandi? Chunki 1938 yil 4-16 oktyabr kunlari 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Eng yetakchi shaxslar qatl etilgan. Ular orasida Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilarimiz, Germaniyada o‘qib kelgan ilg‘or mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari bo‘lgan. Eng dahshatli tomoni – ular 4 oktyabrda qatl etilgan, hukm 5 oktyabrda chiqarilgan.
– Bu sana xalqimiz tarixidagi eng qayg‘uli kunlardan biridir. Shuning uchun bu haftalikni katta tayyorgarlik bilan, birdamlikda o‘tkazishimiz kerak, – deya ta’kidladi Prezident.
Vatan manfaati yo‘lida fido bo‘lganlarning oxiratlari obod bo‘lsin, tinch-osoyishta yurtimizni Parvardigor o‘z panohida asrasin, deya duolar qilindi.
Sharhlar