Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya bilan hamkorlikning yettita yo‘nalishini belgiladi
Shavkat Mirziyoev va Koreya Respublikasi prezidenti muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar, deya xabar beradi davlat rahbarining matbuot xizmati.
Mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning barcha sohalari va yo‘nalishlarini qamrab olgan alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida kelgusi 3 yil uchun O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston rahbari buni “Ikki mamlakatning yuqori texnologiyali va innovatsion hamkorligining yangi davri” deb e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi.
Shu munosabat bilan hukumatlarga O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab yaratish bo‘yicha strategik dasturni tayyorlash topshirildi. Ayni paytda strategiyaning tub yo‘nalishlari sifatida bir qator ustuvor sohalarda hamkorlik qilish taklif etildi.
Birinchidan, o‘ta muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik. Bu resurs bazasini chuqur qayta ishlagan holda qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini yaratishni nazarda tutadi.
Ikkinchi. Koreya Respublikasi an’anaviy ravishda global yetakchilardan biri hisoblangan yarimo‘tkazgichlar sohasida strategik hamkorlik. Bu borada mamlakatimizda mintaqada birinchi yaxlit ilmiy-ishlab chiqarish klasterini barpo etish rejalashtirilgan.
Uchinchi. Kimyo sanoatida keng ko‘lamli hamkorlik. “Yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor rezin-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar tayyorlangan.
To‘rtinchi. Mashinasozlikda kooperatsiyani chuqurlashtirish. Joriy yil bahorida Jizzax viloyatida KIA avtomobillarini yig‘ish liniyasini ishga tushirildi. Kelgusi yilda yiliga 60 mingdan ortiq sedan ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.
Beshinchi. “Aqlli” qishloq xo‘jaligini yaratishga texnologiyalarni jalb qilish, shu jumladan, agrar tarmoqni raqamlashtirish, “aqlli” va “yashil” texnologiyalarni joriy etish. Mamlakat hududlarida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari va bog‘dorchilik majmualarini barpo etish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Oltinchi. Infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharsozlik dasturi. Koreya banklari va kompaniyalarining transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida turar-joy va tijorat obyektlarini loyihalashtirish va qurishga qiziqishi yuqori ekani ta’kidlandi.
Yettinchi. Zamonaviy va xavfsiz energetika. “Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish sohasida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish uchun tomonlar energetika vazirlari darajasida strategik muloqotni qayta tiklashga va uning navbatdagi yig‘ilishini yaqin orada O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib oldilar.
Sharhlar