Shavkat Mirziyoyev metan narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslikni topshirdi
Prezident gaz narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha hukumatga qat’iy topshiriqlar berdi. Bu haqda energetika vazirining o‘rinbosari Azizxo‘ja Qobilov ma’lum qilgan, u narxlar bo‘yicha ko‘plab muhokamalardan so‘ng gaz narxini liberallashtirish masalalari bo‘yicha ma’lumot bergan.
1-avgustdan suyultirilgan gazning (metan) bir kubometri uchun 3750 so‘m bo‘lgan maksimal narx bekor qilindi. Shu tariqa, kechagi kundan boshlab avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar bozor tomonidan tartibga solina boshlandi.
“Xarid qilingan tabiiy gaz narxi va soliq stavkalari qat’iy belgilanganligini hamda saqlash xarajatlarida sezilarli o‘zgarishlar kutilmasligini hisobga olib, 1 avgustdan keyin avtomobillar uchun gaz narxining keskin oshishi uchun yetarli asos yo‘q, deb hisoblaymiz”, – dedi Azizxo‘ja Qobilov.
Shuningdek, u tadbirkorlarga narxlarni belgilashda erkinlik berish “o‘zlari xohlagan narsani qilishi mumkin” degani emasligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan suyultirilgan gaz olib kirishda hech qanday taqiq va cheklovlar mavjud emas. Suyultirilgan gaz narxlarining barqarorligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan mahsulotlarni sotib olishga bo‘lgan talab hajmidan kelib chiqib, uni izchil ravishda birja savdolariga qo‘yadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Bosh prokuratura, “O‘zenergonazorat” va boshqa mutasaddi organlar metan narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uning barqarorligini nazorat qiladi.
Agar sotilayotgan yoqilg‘i narxini sun’iy ravishda oshirib yuborish holatlari aniqlansa, tadbirkorlik sub’ektlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi, ularga yoqilg‘i yetkazib berish to‘xtatiladi.
Sharhlar