Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga bordi

Фото: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialini borib ko‘rdi.

Shu yil fevralda Nukus shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘istonda “noldan” qurilgan birinchi ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘ldi.

Davlat rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

4 qavatli yangi binoda shoshilinch qabul-diagnostika, reanimatsiya, jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, kardiologiya, ginekologiya, pediatriya, laboratoriya tashxisi va amaliyot bo‘limlari joylashgan. Barcha bo‘limlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.

130 o‘rinli yangi majmuada bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir xona ikki kishiga mo‘ljallangan, alohida sanitar xonalari bor.

Bugungi kunga qadar Toshkent shahrida o‘tkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda shu yerning o‘zida o‘tkazilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ilk marotaba sun’iy qon aylanish apparati orqali besh nafar bemorning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti olib borildi.

Multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush, laboratoriya uskunalari kasalliklarga erta tashxis qo‘yish imkonini bermoqda. Telemeditsina orqali uzoqdagi bemorlarni davolashga ham hissa qo‘shilmoqda.

Davlat rahbari shifoxonani samarali boshqarish, amaliyotni o‘qish bilan bog‘lash masalalariga e’tibor qaratdi.

“Yangi bino va uskunalar ishning bir qismi. Endi markaz faoliyatiga zamonaviy menejmentni joriy qilish kerak. Tibbiyoti rivojlangan mamlakatlardan tajribali shifokorlarni muddatli jalb etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish maqsadga muvofiq. Umuman, bu markaz ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasidek faoliyat yuritishi zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tuman tibbiyot birlashmalaridagi shifokorlar o‘z ixtisosligi bo‘yicha bu yerda malaka oshirib, hududlarda joriy etishi muhimligi ta’kidlandi.

Qoraqalpog‘istonda 2017-2024-yillarda: “Bir qadam” tamoyili asosida 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta oilaviy poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlar hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4500 nafar bemorning Toshkent va chet elga bormasdan yuqori texnologik yordam olish imkoni yaratildi. To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, yiliga 11 ming nafar bemorga tumanlarning o‘zida shoshilinch va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.