Shavkat Mirziyoyev Paralimpiada g‘oliblari va sovrindorlarini mukofotladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 sentyabr kuni XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashdi, deya xabar beradi prezident matbuot xizmati.
Tadbirda Milliy Paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston sportchilari 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida dunyoda 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.
“Paralimpiya o‘yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi. Siz yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz. O‘zbekiston o‘z sport tarixida ko‘p-ko‘p yutuq va zafarlarni ko‘rgan. Lekin Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari bo‘lmagan edi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari muzaffar sportchilarimizni nomma-nom tilga olib, matonatli g‘alabalarini e’tirof etdi. Bu gal biroz omad yetishmay, medal ololmaganlarni ham qo‘llab-quvvatlab, kelgusi musobaqalarda zafar yor bo‘lishini tiladi.
Marosimda qahramon sportchilarning qahramon ota-onalari, oila a’zolari ham olqishlandi. Prezident tajribali murabbiylar, psixolog va boshqa mutaxassislarga ham tashakkur izhor etdi.
“O‘zbekistonning o‘z matonat maktabi, shon-sharaf maktabi bor. Bu maktabning chinakam bunyodkorlari sizlar, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Sizlarning sportdagi, hayotdagi yutuqlaringiz yoshlarimiz uchun kuch-g‘ayrat manbai, matonat va ibrat namunasi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yurtimizda sportni rivojlantirishda imkoniyati cheklangan shaxslar ham qo‘llab-quvvatlanib, ularga inklyuziv sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi ko‘p ishlar qilmoqda.
Prezident kelgusida nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sport turlarini yanada kengaytirish, ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.
Sharhlar