Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu ta’lim maskani 6 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan. O‘quv binolari, 500 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.
Bu yerda xorijiy universitetlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 80 ga yaqin xorijiy universitet bilan shartnomalar imzolangan. Universitet Turkiy tilli davlatlar universitetlari kengashi a’zosi. O‘tgan o‘quv yilida Kengashning ta’lim grantlari asosida 22 nafar o‘qituvchi Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘istonda malaka oshirib qaytdi. 15 nafar xorijlik o‘qituvchi esa Qo‘qon universitetida malaka oshirdi.
Hududda olti qavatli, ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi qurilmoqda. Bu yerda o‘quv xonalari, fan laboratoriyalari, tipografiya joylashadi. Shuningdek, ikki qavatli “Yoshlar IT akademiyasi” barpo etilmoqda. Ularni shu yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
2022-yilda universitetning turizm fakulteti uchun ming o‘rinli yangi bino barpo etilgan.
Davlat rahbari milliy uslubdagi ushbu majmuani ko‘zdan kechirdi. Xorijdan professorlarni taklif etib, dual ta’lim tizimini keng qo‘llash, turizm tashkilotlari buyurtmasi asosida talabalarni maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Sharhlar