Shavkat Mirziyoyev reja sekin bajarilayotgani uchun amaldorlarni tanqid qildi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda energiya resurslarini tejash bo‘yicha reja sekin bajarilayotganini tanqid qildi, deya xabar beradi davlat rahbarining matbuot xizmati
Videoselektor yig‘ilishida joriy yilda 580 ta maktab, 169 ta bog‘chaning energiya samaradorligini oshirish rejalashtirilgani qayd etildi. Yangi ijtimoiy obyektlarni loyihalashtirishda energiya tejamkorlik bo‘yicha qat’iy talab kiritish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, issiq oylarda ma’muriy va tijorat obyektlarini sovutishga qish bilan bir xil energiya sarflanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan ma’muriy binolar, ko‘p qavatli uylar, korxona, savdo va servis binolarida energiya samaradorligi bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish topshirildi, – deyiladi xabarda.
Mutasaddilarga 1 mingta ijtimoiy obyektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251 ta shifoxona, 292 ta bog‘cha, 393 ta maktab va internat ta’mirlanadi.
Prezident tarmoq rahbarlari va hokimlarning bu yil elektr va gazni tejash rejasi qoniqarsiz ekanini, ular yanada katta marra olishi shartligini ta’kidladi. Har bir hokimga 1 tadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash bo‘yicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi ta’kidlandi.
Sharhlar