Shavkat Mirziyoyev SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Ostona shahrida SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Muhammad Muxbir, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min va SHHT Mintaqaviy aksliterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi, SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston rahbari sammit ishtirokchilarini qutlar ekan, Qozog‘istonning SHHTga raisligi natijalarini yuqori baholadi, shuningdek, Belarusni tashkilotga a’zo bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi.
Mamlakat yetakchisi ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda o‘tayotganini qayd etdi.
Yangi vayronkor mojarolar paydo bo‘lmoqda, global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va xatarlar kuchayib bormoqda. Bu davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch kamayayotgan, qarama-qarshilik va raqobat ortishi natijasida geosiyosiy keskinlik tobora o‘sayotgan vaziyatda kechmoqda.
“Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi bo‘lgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli Tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi o‘ringa ega bo‘ldi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sharhlar