Shavkat Mirziyoyev ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan uchrashuv o’tkazmoqda

Foto; prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqoti boshlandi.

Avvalo, alohida o‘rnak ko‘rsatgan ta’lim sohasi xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident mamlakatning barcha ta’lim-tarbiya xodimlarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etib, davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Tadbirda davlat rahbari sohada amalga oshirilayotgan katta ishlar borasida ba’zi misollarni keltirdi.

O‘tgan 7 yilda ta’limni rivojlantirishga jami 216 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun budjetdan 19,5 trillion so‘m sarflanib, 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bog‘cha rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi.

Xususiy ta’limga keng imkoniyatlar yaratilayotgani tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetdi, nodavlat bog‘chalar 250 tadan 30 mingtaga ko‘paydi.

Bu moddiy resurslar birinchi navbatda intellektual-ma’naviy resurslar bilan to‘ldirilishi kerakligi, shundagina ta’limda sifat, samara bo‘lishi ta’kidlandi.

“Albatta, bunday uyg‘unlikka erishish oson emas. Buning uchun katta-katta mablag‘lardan tashqari ulkan insoniy resurs, bilim va tajriba, kadrlar salohiyati, eng muhimi, o‘qituvchilarning vatanparvarlik fazilatlari talab etiladi”, – deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda, bugungi kunda ta’lim sohasida strategik tafakkur zarur. Bu nima degani?

Bu o‘n-o‘n besh yil oldinni ko‘rib, ta’lim maskanlarini faqat bugungi kun uchun emas, kelajak uchun ishlaydigan darajaga ko‘tarish degani.

Chunki ta’limda, ma’rifatda orqada qolganlar – hech shubhasiz, taraqqiyotda ham orqada qoladi. Bu – tarixda isbotlangan haqiqat.

“Har bir o‘qituvchi va murabbiy, bog‘cha mudirasi, maktab direktori ma’lum ma’noda strateg bo‘lishi zarur. Ular avvalo el-yurt taqdiri va kelajagini hal qiladigan ulug‘ maqsadlar yo‘lida xizmat qilayotganlarini chuqur anglab yetishlari va shu asosda harakat qilishlari lozim”,
– dedi davlat rahbari.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.