Shavkat Umurzoqovning shahar Kengashi deputati etib saylangani qonuniymi
Toshkent shahar Kengashining 104-sessiyasida Toshkent shahrining amaldagi hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan mazkur vakillik organiga deputat etib saylandi.
Intriga shundaki, Umurzoqov oddiy deputat maqomida qoladimi yoki bu uning shahar Kengashi raisligiga saylanishi uchun qilingan qadammi?
Endilikda uning poytaxt xalq deputatlari Kengashi raisi etib saylanishi O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri bilan taqiqlangan, chunki Bosh Qomusning 120-moddasida “Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimini egallashi mumkin emas”.
Poytaxt xalq deputatlari Kengashi O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi talablariga qanchalik qat’iy amal qilayotganini Kengashning keyingi faoliyati ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 120-modda:
Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyati vakillik organlaridir.
Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi.
Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas.
Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati — besh yil. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovi va xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Yangidan tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda xalq deputatlari Kengashlariga saylov xalq deputatlari Kengashlariga navbatdagi umumiy saylovlarga qadar qolgan davrdan oshmaydigan muddatga o‘tkaziladi.
Sharhlar