Shilqimlikka qo‘pol javob qaytargan qizning o‘zi ayblanuvchiga aylandi va jarimaga tortildi
Ish materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 27-iyun kuni 19 yoshli qiz dugonasi bilan yo‘lni kesib o‘tayotganida ularning yo‘lini 40 yoshli Qo‘shmurod Bobomurodov davlatga qarashli davlat raqami 01 W 392 JC bo‘lgan Matiz avtomashinasida to‘sgan, so‘ngra u qizlarga mashinasiga o‘tirishni ayta boshladi. Qizlar unga ketishini, uning mashinasiga o‘tirmasliklarini bir necha marta takrorlashgan, lekin erkak tiyilmasdan, tez mashinaga o‘tirishlarini aytgan. Shundan so‘ng, qizlardan biri chiday olmay, erkakka o‘rta barmog‘ini ko‘rsatgan.
Jabrlangan qizlarning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shmurod Bobomurodov ularga nisbatan o‘ta qo‘pollik qilgan, u qizlarning bir necha bor “bizni tinch qo‘ying” deyishlariga qaramay, ularning ortidan qolmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi 2024-yil 10-iyul kuni fuqaro 1984-yilda tug‘ilgan Bobomurodov Qo‘shmurodni О‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-1-moddasida (jinsiy zo‘ravonlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor tan olish to‘g‘risida qaror qabul qildi va uni 3 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazosini tayinladi. Shuningdek huquqbuzarga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatgan qiz ham aybdor deb topildi. U О‘zbekiston Respublikasi MJTKning 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 3 BHM (1 020 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.
Sharhlar