Shofirkon tumani xizmat ko‘rsatish bo‘yicha viloyatda eng oxirgiligi tanqid qilindi
Yig‘ilishda Buxoroda eng asosiy masala – xizmatlarni rivojlantirish ekani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, sohani rivojlantirish muhandislik va farmatsevtikada 23 foiz, elektrotexnikada 30 foiz o‘sishni ta’minlaydi.
Buxoroda 584 ta mehmon uylari, 122 ta umumiy ovqatlanish, 18,5 mingta savdo, 30 ta salomatlik va fitnes markazlari bor. Lekin har ming kishiga oshxona va restoranlar soni Samarqanddan 10 karra kam.
Shofirkon aholisi 200 mingga yaqinlashib, viloyatda uchinchi o‘ringa chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, tuman xizmat ko‘rsatish bo‘yicha viloyatda eng oxirgi o‘rinda.
Vobkent, Romitan, Jondor tumanlarida olib borilayotgan namunali ishlarni qayd etib, Prezident boshqa tumanlarda tashabbuskorlik ko‘rinmayotgani, markaziy ko‘chalar va massivlarga yangi qiyofa olib kirish sustligi bo‘yicha qat’iy e’tiroz bildirdi.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida viloyatdagi 62 ta massiv va 54 ta ko‘chani rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Bu ko‘chalar ovqatlanish, salomatlik, mehmonxona, hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi, ularda 4 ming nafar tadbirkor uchun sharoit yaratiladi va 6 ming aholi bandligi ta’minlanadi. Ularda kamida 5 ta xalqaro mehmonxona hamda ovqatlanish tarmoqlarini joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, Prezident sanoat zonalarida yer ajratishni yengillashtirish, bunga xizmat ko‘rsatishni ham qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Har bir tumandan sanoat va xizmat ko‘rsatishga 20 gektardan yerlarni belgilab, loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berildi.
Bundan buyon qurilgan xizmat ko‘rsatish joylarini sotib olish uchun alohida kredit turi yo‘lga qo‘yiladi. Mutasaddilarga “xizmat ipotekasi”ni joriy qilib, kredit ajratishni boshlash topshirildi.
Majlisda Buxoroda 900 million kilovatt elektr va 400 million kub metr gazni iqtisod qilish imkoni borligi ham qayd etildi. Bu umumiy iste’molning 20 foiziga teng.
Yirik korxonalarda uskunalarni yangilash va audit o‘tkazish orqali 25 foizigacha elektr va gazni iqtisod qilish mumkin.
Buxoroda 200 ming ko‘chmas mulk obyektida kamida 3 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, 600 megavatt quvvat yaratish mumkin. Bu bilan viloyat elektr iste’molining yana 20 foizi iqtisod bo‘ladi.
Lekin, hozirgacha 2 ming xonadon va 750 ta tadbirkor panellar o‘rnatgan bo‘lsa-da, tarmoqqa berilgan elektr uchun bor-yo‘g‘i 292 tasiga puli to‘langani tanqid qilindi. Oqibatda panel o‘rnatganlar rag‘bat sezmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga xonadon, mahalla, panel o‘rnatuvchini bir-biriga bog‘lab, aholiga tushuntirish, panel qo‘yganlarga to‘lovlarni o‘z vaqtida tushirish ishlarini tashkil qilib, yil yakunigacha keskin o‘zgarish qilish topshirildi.
Sharhlar