Shols bugun ikki yil ichida birinchi marta Putin bilan telefon orqali suhbatlashishni rejalashtirmoqda — Bloomberg
Germaniya kantsleri Olaf Shols bugun Putin bilan ikki yil ichida ilk telefon muloqotini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bloomberg manbasiga ko‘ra, Germaniya kantsleri juma kuni Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi. Bu qo‘ng‘iroq yetakchilar o‘rtasidagi qariyb ikki yil ichida amalga oshirilgan birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot bo‘ladi.
11-noyabr kuni Sholts ARD telekanaliga Putin bilan “tez orada” telefon muloqotini o‘tkazishi haqida gapirgandi. U suhbatni boshqa siyosiy yetakchilar bilan muhokamadan so‘ng hal qilishini qo‘shimcha qildi.
O‘shanda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov “hozircha suhbatga tayyorgarlik ko‘rilmagani, Moskva hech qanday signal olimaganini” aytgandi.
1-oktyabr kuni Germaniyaning Zeit gazetasi Sholtsning Putin bilan suhbati noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti oldidan bo‘lib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.
O‘shanda nemis tomoni hali qo‘ng‘iroqni tashkil etish bo‘yicha so‘rov bilan chiqmagandi. Sholts 2022 yildan beri Ukraina ittifoqchilari koalitsiyasidan Putin bilan bevosita gaplashgan birinchi davlat rahbari bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Vladimir Zelenskiy Rossiya vakillarini joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi jahon sammitida ko‘rishni istashini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyining boshiga qadar Ukraina “g‘alaba rejasi” ning yakuniy versiyasini tayyorlaydi – u barcha mamlakatlar, shu jumladan Rossiya uchun ham ochiq bo‘ladi.
Sharhlar