Sholts Putin bilan telefon muloqoti haqida nimalarni oshkor qildi

Foto: ochiq manba

Germaniya kansleri Olaf Sholts juma kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lgan telefon suhbati Ukrainadagi urush borasida Rossiya rahbari qarashlarining o‘zgarishiga hech qanday ishora bermaganini aytdi. Biroq u, o‘zi tanqidga uchraganiga qaramay, Kremlga qo‘ng‘iroq qilish qarorini himoya qildi, deb yozadi BBC.

Yakshanba kuni Berlin aeroportida G20 sammiti uchun Braziliyaga uchish oldidan jurnalistlarga gapirgan Sholts, Putin bilan suhbat zarurligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu qo‘ng‘iroq Rossiya rahbarining G‘arb Ukrainaga yordam berishdan voz kechadi degan illyuziyasini yo‘q qilish uchun muhim edi.

Sholtsning fikricha, AQShda Donald Trampning prezidentlikka qaytishi ehtimoli mavjudligini inobatga olgan holda, agar Vashington Putin bilan muntazam aloqalarni davom ettirib, birorta ham Yevropa yetakchisi bunday qilmasa, bu ham yaxshi holat bo‘lmas edi.

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Putin bilan muloqot “juda batafsil” bo‘lgan, ammo suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, Rossiya prezidentining urush borasidagi qarashlari deyarli o‘zgarmagan. “Bu yaxshi xabar emas”, — dedi u jurnalistlarga.

Olaf Sholts Putin bilan 2022 yilning dekabridan beri birinchi marta juma kuni telefon orqali muloqot qildi. Suhbat taxminan bir soat davom etdi. Sholtsning Rossiya prezidenti bilan muloqot qilganini tanqid qilganlar orasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bor edi.

Zelenskiy Sholtsning bunday qo‘ng‘iroq qilishi “Pandora qutisi”ni ochganiga ishora qildi.

“Endi boshqa suhbatlar, boshqa qo‘ng‘iroqlar bo‘lishi mumkin. Faqat ko‘p gaplar, xolos. Bu esa Putin anchadan buyon xohlagan narsa: Rossiyaning izolyatsiyasini yumshatish va hech qanday natija bermaydigan odatiy muzokaralarni davom ettirish juda muhim”, — dedi Zelenskiy. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Sholtsni Putin bilan gaplashmaslikka undagan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.