Shoshtepa yodgorligidagi konservatsiya va restavratsiya ishlarini 2024-yilning oxirgi oylarida yakunlash rejalashtirilgan
Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentdagi “Shoshtepa” arxeologiya yodgorligi qulashda davom etmoqda” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan vaziyat atroflicha o‘rganildi va quyidagilarni ma’lum qilamiz, deb yozadi agentlik axborot xizmati.
Ma’lumki, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida joylashgan “Shoshtepa” arxeologiya yodgorligi shaharning 2200 yoshini belgilashga imkon beruvchi madaniy meros obyekti hisoblanadi. Yodgorlikni yo‘qolib ketishini oldini olish maqsadida 2021-yilda arxeolog Margarita Ivanova va Madaniy meros agentligi arxeologlari bilan hamkorlikda obyektni konservatsiya qilish va ochiq osmon ostidagi muzey loyihasini ishlab chiqishga doir dastlabki o‘rganish ishlari olib borilgan. Obyektni muzeylashtirish borasidagi loyiha-smeta hujjatlari agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilgan va kengash a’zolari tomonidan ma’qullangan. Tepalikni saqlab qolish uchun maxsus ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilishi uchun Toshkent shahar hokimligiga yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-iyuldagi “Toshkent shahrining Yangihayot tumanida sarmoya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Yangihayot tumanida joylashgan “Shoshtepa” arxeologik yodgorligini restavratsiya qilish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining 2022-yil 7-oktabrdagi “Toshkent shahar, Yangihayot tumani “Junariq” kanali bo‘yida joylashgan “Shoshtepa” arxeologiya yodgorligini rekonstruksiya va konservatsiya qilish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan buyurtmachi sifatida Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi belgilangan.
Shu bilan birga, “Shoshtepa” arxeologik yodgorligini restavratsiya qilish bo‘yicha mahalliy byudjetidan moliyaviy resurs ajratish yuzasidan o‘rnatilgan tartibda umumlashtiruvchi komissiya muhokamasiga kiritish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilamiz. Obyektda olib borilayotgan konservatsiya va restavratsiya ishlari 2024-yilning so‘nggi oylariga yakunlanishi mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, “Shoshtepa” arxeologiya yodgorligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qaror bilan davlat muhofazasiga olingan.
Sharhlar