Shoygu: g‘arbparast nohukumat tashkilotlar Markaziy Osiyoda aksilrossiya faoliyatini kuchaytirdi
Rossiyaning Ukrainadagi maxsus operatsiyasi fonida g‘arbparast nohukumat tashkilotlari Markaziy Osiyoda aksilrossiya faoliyatini kuchaytirdi, bu bilan mintaqa davlatlarining Rossiya bilan harbiy-texnikaviy, iqtisodiy va madaniy hamkorligiga xalal bermoqchi. Ammo Rossiya Mudofaa vazirligi oldini oluvchi choralar ko‘rmoqda, deb ma’lum qildi Rossiya harbiy idorasi rahbari Sergey Shoygu.
“Mintaqadagi sharoit og‘ir bo‘lib qolmoqda. Eng katta tahdid avvalgidek, Afg‘oniston hududidan kuzatilmoqda”, — dedi Shoygu vazirlik kollegiyasi majlisida.
“O‘tgan bir yil ichida ISHID jangarilari soni 15 foizga o‘sdi. Ularning asosiy maqsadi KXSHT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti)ning janubiy chegaralarida radikal mafkurani va qo‘poruvchilik faoliyatini tarqatishdan iborat”, — dedi Shoygu.
Shu bilan bir vaqtda Markaziy Osiyo respublikalarida narkotiklar ishlab chiqarish deyarli 20 foizga o‘sishi kutilmoqda, deya qo‘shib qo‘ydi u.
Bundan tashqari, Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, “mintaqada yuzdan ortiq yirik g‘arbparast nohukumat tashkilotlar faoliyat olib boradi, ularning 16 mingdan ziyod vakolatxonalari va filiallari bor”.
“Maxsus harbiy operatsiya fonida bu nohukumat tashkilotlar mintaqa davlatlarining Rossiya bilan harbiy-texnikaviy, iqtisodiy va madaniy hamkorligiga xalal berish maqsadida o‘z aksilrossiya faoliyatini kuchaytirdi. Oldini oluvchi xususiyatga ega choralarni ko‘ryapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi Shoygu.
Uning aytishicha, 2024-yilda Markaziy harbiy okrugda asosiy sa’y-harakatlar mintaqadagi mamlakatlarda inqirozli vaziyatlarni hal qilishga hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston hududlarida yettita o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishga qaratiladi.
“Qo‘shinlarni tayyorlash jarayoniga KXSHT Tezkor javob ko‘rsatish kollektiv kuchlarining “Hamkorlik-2024” mashg‘uloti yakun yasaydi, unda beshta davlat harbiy kontingenti ishtirok etadi”, — dedi u.
Sharhlar