Shri-Lanka prezidenti saylovda ko‘pchilik ovozga ega bo‘lishdan umid qilmoqda
Shri-Lanka prezidenti Anura Kumara Dissanayake o‘z partiyasi — Janatha Vimukthi Peramuna (JVP) uchun parlamentda aniq ko‘pchilik ovozga ega bo‘lishni umid qilmoqda. Bu muddatidan oldin bo‘lib o‘tayotgan saylov yangi prezident lavozimga kelganidan keyin oradan atigi yetti hafta o‘tib o‘tkazilmoqda. Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish va mamlakat iqtisodiy inqirozdan so‘ng barqarorlikni tiklash va’dasini bergan edi.
Sobiq deputatlarning qariyb uchdan ikki qismi, jumladan, Rajapaksa oilasidan bo‘lgan taniqli a’zolar ham qayta saylanish uchun o‘z nomzodlarini qo‘yishmagan. Saylov natijalari juma kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Shri-Lankada ro‘yxatdan o‘tgan 17,1 million saylovchidan faqat 60-65 foizi ovoz bergan. Saylov kuzatuvchilari ovoz berish jarayoni tinch o‘tgani va saylovoldi kampaniyasi sust bo‘lgani uchun saylovchilar ishtiyoqi past bo‘lganini ta’kidlashgan. Parlamentdagi 225 o‘rindan 196 tasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov orqali deputatlar saylanadi, qolganlari esa partiyalarning ovozlari ulushiga qarab proporsional taqsimlanadi.
Sharhlar