Samarqandda yangi qurilayotgan maktab binosidagi sifatsiz ishlar buzildi
Samarqand shahrida sifatsiz qurilishlarning oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida maktab binosidagi ayrim ishlar buzdirildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga tayanib.
Qayd etilishicha, shaharning Qorasuv massivida Meʼmor complex MChJ tomonidan qurilayotgan 1800 o‘rinli maktab binosi qurilishi davomida qator qoidalar buzilgan.
Xususan, obyekt bo‘yicha qurilish ishlarini tashkil qilish loyihasi ishlab chiqilmagan, hududga olib kelingan qurilish materiallari tartibsiz holda saqlangan.
Obyektda yuritilishi kerak bo‘lgan ijro jurnallari tegishli tartibda yuritilmagan, foydalanilayotgan materiallarining ishlab chiqarish sertifikatlari olinmagan hamda yopma plitalar me’yorlarga amal qilinmagan holda o‘rnatilgan.
«Bundan tashqari, binoning ikkinchi qavat devorlariga terilgan g‘ishtlarning vertikal va gorizontal oraliq choklari qorishma bilan to‘liq to‘ldirilmagani ham aniqlandi. Umuman olganda, yuqoridagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilishining asosiy sababi buyurtmachining texnik, loyihachining mualliflik nazorati o‘z vaqtida olib borilmaganidadir» — dedi inspeksiya ma’sul xodimi Sarvar Bobonazarov.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan inspeksiya tomonidan bajaralishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan, sifatsiz ishlar joyida demontaj qildirilgan.
Sharhlar