Sinovdan o‘tmagan usullarda tashxis qo‘yish va davolash taqiqlanadi
15-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida xalq tabobatiga aloqador bo‘lmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolash uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
“Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, sog‘liqni saqlash amaliyotida faqat qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘llashga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qo‘yish va davolash usullaridan, tibbiyot texnologiyalari va dori vositalaridan foydalaniladi.
Biroq amaliyotda ayrim shaxslar moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ruxsat etilmagan usullarni, shu jumladan, xalq tabobatiga aloqador bo‘lmagan usullarni qo‘llagan holda, kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatib, insonlarning sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirmoqda.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ruxsat etilmagan usullarni, shu jumladan, xalq tabobatiga aloqador bo‘lmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi taklif etilmoqda. Shuuningdek, ruxsat etilmagan hamda xalq tabobatiga aloqador bo‘lmagan usullarni qo‘llash orqali kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilish taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Yig‘ilishda qonun loyihasi yuzasidan partiya pozitsiyasi shakllantirildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sharhlar